Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasida “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkaziladi

Sir emas, oʻzbek dzyudosi nafaqat mintaqa, balki dunyoda ham oʻz oʻrni va mavqeyiga ega hisoblanadi. Mustaqil Oʻzbekiston sport delegatsiyasiga Olimpiadadagi ilk medalni ham aynan dzyudochimiz taqdim etgan. 1996-yilgi Atlanta Olimpiadasida ishtirok etgan Armen Bagdasarov kumush medal sohibiga aylangan edi. 

Shundan soʻng oʻtgan davr mobaynida toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasida Rishod Sobirov (3 ta bronza), Abdulla Tangriyev (kumush), Diyorbek Oʻrozboyev (bronza) ham Olimpiada shoxsupasiga koʻtarildi. Hozirda terma jamoamiz aʼzolari dzyudo vatani – Tokioda oʻtkaziladigan Olimpiya oʻyinlari yoʻlidagi muhim reyting musobaqalariga tayyorgarlik koʻrishyapti. Ularni nomma-nom aytmasak ham bundan yaxshi xabardorsiz.

Afsonaviy dzyudochi, Olimpiada chempioni, uch karra jahon chempioni Ilias Iliadis bosh murabbiyligidagi yulduzli tarkib dzyudochilarimiz ertaga, 22-dekabr kuni oʻtkaziladigan “Ochiq eshiklar kuni”da hozir boʻlishadi va tadbirga keladigan siz azizlarga oʻz mahoratlarini namoyish etishadi. Dzyudochilarimizdan tashqari ayni paytda Toshkentda mashgʻulot oʻtkazayotgan Gruziya terma jamoasining yulduzli tarkibi ham “Ochiq eshiklar kuni”da ishtirok etadi.

Soat 10:00da Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasida boshlanadigan marosimning qiziqarli oʻtishiga kafolat beramiz. Sizlarni ajoyib sovgʻalar kutmoqda!

Tadbir davomida dzyudochilarimizning mashgʻulotlarini kuzatish, ular bilan muloqot qilish hamda suratga tushish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

“Ochiq eshiklar kuni”ga barcha muxlislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarini taklif etamiz.

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *