Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga yangi vitse-prezident saylandi

Bugun Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi majlislar zalida tashkilotning navbatdan tashqari XXXVII Bosh Assambleyasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi Sh.Sultonov, Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimi R.Tolipov, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari R.Ermatov, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi R.Shoabdurahmonov, sport federatsiya va assotsiatsiyalari rahbariyati, Qoʻmita delegatlari, sohaga oid tashkilotlar hamda ommaviy-axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Yigʻilishni qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi.

Assambleya kun tartibidan oʻzbekistonlik sportchilarni Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishi va ishtirok etishi jarayonlari, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga yangi vitse-prezident vazifasini bajaruvchisini saylash, Qoʻmita ustaviga oʻzgartirish kiritish va yangi tahririni tasdiqlash, boshqa sport turlarini tan olish boʻyicha federatsiya va assotsiatsiyalar murojaatlarini koʻrib chiqish kabi masalalar oʻrin oldi.

Sportchilarimizni Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish va ishtirok etishi boʻyicha birinchi masala yuzasidan soʻzga chiqqan Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi R.Shoabdurahmonov pandemiya sharoitida olimpiya terma jamoalariga muntazam onlayn mashgʻulotlar olib borishi uchun sharoitlar yaratib berilgani, karantin choralari yumshatilgach, asta-sekinlik bilan anʼanaviy mashgʻulotlarga qaytilgani, shu bilan bir qatorda mavsum taqvimidagi musobaqalar ham oʻtkazib kelinayotganini taʼkidladi.

Joriy yil uchun byudjet mablagʻlari toʻla moliyalashtirilib, Tokio 2020 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish uchun hech qanday muammo yoʻqligi, davlatimiz tomonidan barcha moliyaviy masalalar hal etib berilganini taʼkidladi. Asosiy masala Tokio-2020 oʻyinlariga litsenziyalarni qoʻlga kiritish, bundan tashqari, navbatdagi toʻrt yillik sikl – Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari uchun seleksiya ishlari boshlab yuborilganiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, MOQ rahbari sport faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish maqsadida joriy etilgan yangi vitse-prezident vazifasiga nomzod boʻyicha ham taklifini ilgari surdi. U pandemiya sharoitida tezkor shtab tashkil etilgani, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari ishini muvofiqlashtirishga ehtiyoj tugʻilayotganiga alohida eʼtibor qaratdi. Delegatlar vitse-prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga koʻrsatilgan nomzod – Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatovni bir ovozdan maʼqullashdi. Soʻzga chiqqanlar nomzod haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

Darhaqiqat, Sherzod Rixsiboyevichni sport jamoatchiligi Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari davridagi faoliyatini juda yaxshi bilishadi. U kuchli sport menejeri sifatida charm qoʻlqop ustalarining Rio-2016 Olimpiadasida yuksak natijalarni qoʻlga kiritishida oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan. Sh.Tashmatov 2009-2010-yillarda Oʻzbekiston havaskor va professional muaytay assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari, 2010-2014-yillarda ushbu assotsiatsiya raisi, 2013-2014-yillarda Sharq yakkakurashlari va jang sanʼatlarini rivojlantirish markazi raisi oʻrinbosari, 2014-2019-yillarda Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, 2016-2019-yillarda AIBA ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti, 2019-yildan hozirgi vaqtga qadar Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi lavozimlarida mehnat qilib kelmoqda. Pandemiya sharoitida Sherzod Rixsiboyevich MOQning tezkor shtabi rahbari sifatida ham oʻz tirishqoqligi va bilimini koʻrsata oldi.

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi ustaviga kiritilgan oʻzgartirish hamda uning yangi tahririni tasdiqlash yuzasidan yuridik xizmatlar departamenti direktori Mahmud Yarmatov soʻzga chiqib, kiritilayotgan oʻzgartirishlar ahamiyatiga izoh berib oʻtdi.

Shuningdek, soʻnggi masala haqida soʻz yuritgan qoʻmitaning Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev Oʻzbekiston sport turlari boʻyicha federatsiya va assotsiatsiyalar murojaatlari boʻyicha maʼlumot berdi.

Yigʻilish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimlari Shavkat Sultonov va Rashid Tolipov ham soʻzga chiqib, oldinda turgan yirik kompleks musobaqalarga munosib tayyorgarlik koʻrish, bu borada hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgani, sportchilarimiz ham bunga javoban xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlariga ishonishlarini aytishdi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan sport faxriylari Bahodir Maxsitov, Erkin Karimov ham oʻz mulohazalarini bildirib, keksalarga koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasiga oʻz minnatdorchiligini izhor qilishdi. Assambleya yakunida ijro uchun tegishli qarorlar qabul qilindi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *