Oʻzbekistonda ilk bor VAR tizimidan foydalanilgan oʻyinda “Paxtakor” mamlakat kubogini qoʻlga kiritdi

Bugun Namanganda oʻtkazilgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston kubogining final uchrashuvi bilan 2020-yilgi mavsum oʻz poyoniga yetdi.

Hal qiluvchi oʻyinda joriy mavsum mamlakat chempionligini qoʻlga kiritgan “Paxtakor” oʻz tarixida ilk marotaba bronza medaliga ega chiqqan AGMK klubiga qarshi maydonga tushdi.

Shunisi eʼtiborliki, ushbu jamoalar qatorasiga uchinchi yil Oʻzbekiston kubogi finalida roʻbaroʻ kelishmoqda. Agar 2018-yilgi finalda omad Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi AGMK jamoasiga kulib boqqan boʻlsa, soʻnggi ikki mavsumda “sherlar” raqibidan har jabhada ustun ekanligini namoyish etishmoqda.

Darvoqe, bugungi oʻyin oʻzbek futboli uchun tarixiy ahamiyatga ega edi. Chunki Namanganda tashkil etilgan Oʻzbekiston kubogi finalida ilk marotaba VAR, yaʼni video assistent referi tizimidan foydalanildi.

Birinchi boʻlim oʻrtalarida Dragan Cheran hisobni ochdi. Uning 28-daqiqada kiritgan goli tanaffusgacha yagona boʻlib qoldi.

Ikkinchi boʻlimning ilk daqiqasida yana oʻsha Cheran raqib darvozasini ishgʻol qilib, hisobni 2-0 koʻrinishiga keltirdi.

59-daqiqada esa oʻzbek futboli tarixida ilk marotaba VAR tizimi orqali 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi. Uni “Paxtakor” yetakchisi Jaloliddin Masharipov «Panenka uslubi»da mohirona amalga oshirdi va uchrashuvga yakuniy nuqtani qoʻydi – 3:0.

Shu tariqa “Paxtakor” 13 karra Oʻzbekiston kubogi sohibiga aylandi.

Oʻzbekiston kubogi-2020. Final
AGMK – “Paxtakor” – 0:3 (0:1)
Namangan. “Markaziy” stadion.
Hakamlar: Zokir Qodirov (Navoiy), Ruslan Serazitdinov (Toshkent), Ruslan Samandarov (Navoiy), Shavkat Nasibullayev (Namangan).
VAR-assitent: Aziz Asimov, Timur Gaynulin (Toshkent)
Gollar: Dragan Cheran (28, 46), Jaloliddin Masharipov (59-penalti).
AGMK: Valijon Rahimov, Akmal Shorahmedov, Sardor Rahmonov, Dilshod Joʻrayev (Mirjamol Qosimov 75), Elguja Grigalashvili (Arslonmurod Amonov 62), Murod Toshmatov (Saydullo Rahmatov 46), Bahrom Abdurahimov (Jasur Umarov 75), Mate Vatsadze (Zafar Polvonov 62), Yovan Jokich, Bobur Yoʻldoshev, Husniddin Gʻofurov.
“Paxtakor”: Sanjar Quvvatov, Hojiakbar Alijonov, Akram Komilov (Vladimir Kozak 90), Anzur Ismoilov, Jaloliddin Masharipov, Dragan Cheran (Javohir Siddiqov 83), Yegor Krimes, Dostonbek Hamdamov (Hojimat Erkinov 72), Odil Hamrobekov, Abror Ismoilov (Sardor Sobirxoʻjayev 72), Eren Derdiyok.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *