OAV xodimlari va blogerlarni matbuot anjumaniga taklif etamiz

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, aholi salomatligini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Va bu islohotlarning tepasida shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oʻzlari turganlari, davlat rahbarining fuqarolari salomatligi haqida qaygʻurayotgani har birimizni quvontiradi.

Shu bilan birga yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishning huquqiy mexanizmi yaratib berilmoqdaki, bu mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligining ortishiga xizmat qiladi.

Birgina oktyabr oyining soʻnggi kunlari va noyabr oyi boshida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilgan uchta yangi Prezident Farmoni va qarorlari imzolangani ham yurtboshimiz bu masalaga har qachongidan jiddiy ahamiyat qaratayotganidan darak beradi. Zotan, bugungi pandemiya sharoiti yurtdoshlarimizning jismoniy salomatlik darajasini mustahkamlash davr talabi ekanligini koʻrsatib berdi.

Ushbu yoʻnalishdagi islohotlarni keng ommaga yetkazish maqsadida ertaga, yaʼni 19-noyabr kuni soat 11:00da Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida matbuot anjumani tashkil etiladi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlari, shuningdek, “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati, ushbu hujjatlar ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritiladi.

Matbuot anjumanida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining mutasaddi rahbarlari ishtirok etadi hamda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarishadi. Barcha turdagi ommaviy axborot vositalari xodimlarini matbuot anjumaniga taklif etamiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *