Ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oldidan onlayn-yigʻilish oʻtkazildi

Joriy yilning 13-oktyabr kuni Chirchiq shahrida kattalar va oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati start oladi. Musobaqa oldidan 7-oktyabr kuni Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi federatsiya vakillari, murabbiylar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish “ZOOM” platformasi orqali onlayn tarzda tashkil etildi va unda musobaqaning tashkiliy jarayonlari muhokama etildi. Unda ikkita asosiy masalaga toʻxtalib oʻtildi – Respublika miqyosida ogʻir atletika musobaqalari saviyasini va ushbu sport turida mahalliy hakamlarimiz bilimini yana-da oshirish.

Shuningdek, boʻlajak musobaqa haqida, sportchilarning tayyorgarligi, milliy terma jamoaga munosib nomzodlarni tayyorlash va saralash hamda boʻlajak Olimpiadaga puxta tayyorgarlik koʻrish borasida soʻz yuritildi.

Jumladan, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Shaxrillo Mahmudov chempionatga puxta tayyorgarlik koʻrish, shu orqali terma jamoaga munosib nomzodlar yetishtirib berish kerakligi, bu yoʻlda halol va chin koʻngildan mehnat qilish zarurligini aytib oʻtdi.

Boʻlajak chempionatga sportchilarni roʻyxatdan oʻtkazishda ham barcha tartib-qoidalarga rioya qilish zarurligi, kichik-kichik detallarga ham eʼtiborli boʻlish borasida toʻxtalib oʻtdi.

Adolatli kurashda yutib chiqqan sportchilargina xalqaro maydonda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qila olishi, aks holda u nafaqat oʻzi, murabbiyini noqulay vaziyatda qoldirishi, balki yurt obroʻsi va ogʻir atletika sportiga ham zarar keltirishi mumkinligini aytib oʻtildi.

Yigʻilish yakunida Shaxrillo Mahmudov terma jamoa aʼzolarining tayyorgarligi borasida toʻliq maʼlumot borligi va ulardan koʻngli toʻqligi, sportchilarimiz istalgan doping testlarga tayyorligi hamda hududlardagi murabbiylar ham natija ortidan quvib, sport prinsiplarini unutmasligi lozimligini qayd etib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, 12-15-oktyabr kunlari kattalar (2005-yil tugʻilgan) va undan katta yoshdagi sportchilar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati, 16-19-oktyabr kunlari oʻsmirlar (2003-2007-yillarda tugʻilgan sportchilar) oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqalar Chirchiq shahridagi Oʻzbekiston Davlat Jismoniy tarbiya va sport Universiteti musobaqalar zalida boʻlib oʻtadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi 
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *