“Omad” turnirida omadlilar aniqlandi

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6099-sonli Farmoni sport sohasida faoliyat yuritayotgan barcha mutaxassislarga tegishli vazifalarni belgilab berdi. Ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan joylarda turli koʻrinishdagi sport tadbirlari tashkil etilmoqda.

Taʼkidlash joizki, iqtidorli yosh tennischilarni tayyorlaydigan Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi rahbariyati aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga katta eʼtibor qaratgan. Shu bois sport maskani kortlarida juda koʻplab turnirlar uyushtirilayotgani quvonarli hol.

Jumladan, kuni kecha havaskorlar oʻrtasida “Omad” qishki turniri boʻlib oʻtdi. Unda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 30 ga yaqin ayol tennischilar oʻz omadlarini sinab koʻrishdi.

Keskin va murosasiz kechgan uchrashuvlarda raqibalariga imkon qoldirmagan Seitova Mera va Musina Kamila uchinchi oʻrin uchun oʻzaro hisob-kitob qilishdi. Mazkur qarama-qarshilikda omad K.Musinaga kulib boqdi hisob 6/4. Finalda esa Olga Vlasova hamda Sepilova Yelena kortga chiqishdi. Ushbu bahsda bor mahoratini ishga solgan Olga Vlasova raqibasini 6/4 natijasi bilan dogʻda qoldirib, bosh sovrinni qoʻlga kiritdi.

– Maʼlumki, hukumatimiz tomonidan sport bilan shugʻullanishni xotin- qizlarning kundalik hayot tarziga aylantirish gʻoyasini singdirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yurtimizda ayollar va qizlar sportini yana-da rivojlantirish, ularning salomatligini mustahkamlash, oilalarda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, qolaversa, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasidagi ishlarni yana-da kuchaytirish, qiziqishlarini yana-da oshirishimiz zarur, deb hisoblayman. Xususan, Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu turnirda ham havaskor opa-singillarimiz ishtirok etishdi. Kelgusida ham havaskor tennischilar oʻrtasida koʻplab musobaqalar uyushtirishni rejalashtirganmiz – dedi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi direktori, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy” S.Abidov.

Musobaqa yakuniga koʻra gʻolib va sovrindorlarga diplom, medal va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *