Otabek Husanov: Mashaqqatli mehnat bilan Olimpiada medalini ham qoʻlga kiritishimga ishonaman

Poytaxtimizda dzyudo boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati oʻz gʻoliblarini aniqladi. Unda yurtimizning barcha hududlaridan kelgan 800 nafarga yaqin yosh dzyudochilar jami 20 ta vazn toifasida kuch sinashdilar.

Shiddatli bahslarga boy oʻtgan mamlakat birinchiligida -60 kg vazn toifasida Oʻzbekiston chempioni degan sharafli nomni qoʻlga kiritgan va “Eng chiroyli usulni qoʻllaganligi uchun” maxsus nominatsiyasida gʻolib topilgan Otabek Husanovni suhbatga tortdik.

Otabekning yana bir muvaffaqiyati shundaki, u chempionat davomida barcha raqiblarini Ippon bahosi bilan magʻlubiyatga uchratib, tomoshabinlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.

–Bolalagim boshqa tengdoshlarim, sinfdoshlarimdan farqli oʻtayapti. Sababi kichkinaligimdan mashgʻulot zallari, kimono va dzyudo musobaqalarini tahliliga bagʻishlangan suhbatlar ichida ulgʻaymoqdaman, desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Otam Otamurod Husanov – murabbiy, dzyudo boʻyicha yoshlarga saboq berib keladi. Aynan 5-6 yoshimdan boshlab otamning qoʻli ostida shugʻullanishni boshlaganman. Bir necha yil faqat chigal yozdi mashgʻulotlarini bajarardim. Bu koʻpam yoqmasdi. Tatamida oʻzimni sinab koʻrgim kelardi. Vaqt oʻtishi bilan hammasi sekin-sekin boʻlar ekan. 2018-yil Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji dzyudo boʻlimiga oʻqishga qabul qilindim. Murabbiylarim Sunnatillo Fayziyev va Navroʻz Joʻraqobilovlar bilan birga oʻz ustimda tinimsiz ishlab, musobaqalarga tayyorgarlik olib borayapman. Bitta usulni yillab oʻrganishimizga toʻgʻri kelgan paytlar ham boʻlgan. Hozir ham shunday. Murabbiyim qayta qayta oʻrganish, sabrli boʻlishni koʻp aytadilar.

Bilasizmi, avvallari musobaqalarda ishtirok etish, Oʻzbekiston chempioni boʻlish va kelajakda olimpiada oʻyinlari gʻolibi boʻlish haqida oʻylasam, bu tasavvurimda qandaydir uzoq yoʻl va qorongʻu ranglarda koʻrinar edi.

Muhtaram Prezidentimiz yoshlarga, ayniqsa yosh sportchilarga juda katta imkoniyatlar va sharoitlar yaratib bermoqda. Ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanib, 2018-yil Samarqandagi «Maroqand» xalqaro turnirida, 2019-yil Qozogʻistondagi “Nur Sultan cup” xalqaro turnirida va yurtimizda oʻtkazilgan bir nechta turnir ham chempionatlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritdim.

Endi orzularim va maqsadlarim koʻz oldimda aniq va yorugʻ gavdalanadi.

Kelajakda olimpiada oʻyinlari, Jahon va Osiyo chempioni boʻlishimga ishonaman. Bu yutuqlar esa oʻz ustimda tinimsiz ishlash va mashaqqatli mehnatlar evaziga qoʻlga kiritilishini ham yaxshi his qilayapman.

Tengdoshlarimga ham shuni maslahat beraman. Sportga qiziqasizmi, kelajakda ulkan yutuqlarni kiritmoqchimisiz? Unda shugʻullanishni bugundan boshlang. Qiyinchilik, magʻlubiyatlardan qoʻrqmang. Qiyinchilik va magʻlubiyatlarsiz hech bir yutuqqa erishib boʻlmaydi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *