O‘zbekiston taekvondochilarining olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki

Tokioda o‘tadigan yozgi Olimpiada bahslari boshlanishiga 1 yildan kamroq vaqt qoldi. Hozirga qadar to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida qatnashish huquqini o‘zbekistonlik taekvondochi Nikita Rafalovich qo‘lga kiritganidan xabaringiz bor. Bugun oldingi Olimpiadalarda yurtimiz sharafini qaysi taekvondochilar himoya qilganini yodga olamiz.

AFINA-2004

O‘zbekiston taekvondochilari ilk bor 2004 yil Afinada o‘tgan Olimpiadada ishtirok etishgan. O‘sha yil -57kg vazn toifasida Irina Kaydashova chorak finalda, +67kg vazn toifasida Nataliya Mikryukova esa nimchorak finalga qadar yetib borgan edi.

PEKIN-2008

Xitoyda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida uch nafar taekvondochimiz qatnashishgan. +67 kg vazn toifasida Yevgeniya Karimova nimchorak finalda to‘xtagan bo‘lsa, -68kg vazn toifasida hamyurtimiz Dmitriy Kim chorak finalga qadar yetib borgan. +80kg vazn toifasida o‘zbekistonlik Akmal Ergashev bronza medali uchun bahsda nigeriyalik raqibiga alamli tarzda mag‘lub bo‘lgan edi.

LONDON-2012

Buyuk Britaniyadagi musobaqada ham uch nafar taekvondochimiz yurtimiz sharafini himoya qilgan. -68kg vazn toifasida Dmitriy Kim va +80kg vazn toifasida Akmal Ergashev nimchorak finalda to‘xtashgan. +67kg vazn toifasida Nataliya Mamatova bronza medali uchun o‘tish bahsida koreyalik sportchiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan.

RIO-DE-JANEYRO-2016

Braziliyadagi Olimpiadaga ham O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi uch nafar sportchi bilan ishtirok etgan. -80kg vazn toifasida Nikita Rafalovich nimchorak finalda, -67kg vazn toifasida Nigora Tursunqulova esa chorak finalda to‘xtashgan. +80kg vazn toifasida Dmitriy Shokin yarim finalga qadar yetib borib mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, bronza medali uchun jangda koreyalik taekvondochiga alamli tarzda imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi.

Endi bu galgi Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlarida sportchilarimizdan yuksak natijalar kutib qolamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *