Poytaxtimizda “Sogʻlom hayot uchun besh ming qadam” aksiyasi boʻlib oʻtdi

Maʼlumki, yurtimizda aholi salomatligi muhofazasi birlamchi oʻrindadir. Ayniqsa, soʻnggi yillarda bu masalada asosiy eʼtibor kasalliklar bilan kurashishga emas, aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasini oshirish hamda tizimli profilaktikaga qaratilmoqda. Shu asnoda, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tassarufidagi Respublika olimpiya zaxiralari kolleji tashabbusi bilan Chilonzor tumani hokimiyati hamkorligida aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan “5 ming qadam” aksiyasi oʻtkazildi.

Prezidentimiz poytaxtimizning Yashnobod tumanida istiqomat qilayotgan aholi bilan uchrashuv chogʻida, sogʻlom hayot tarzini shakllantirish, odamlarni koʻproq doriga emas, balki toʻgʻri ovqatlanishga, sportga oʻrgatish lozimligini taʼkidlagan edilar. Ularning har kim oʻz salomatligi uchun hech boʻlmaganda kuniga 5 ming qadam piyoda yurishi borasida bildirgan tavsiyalariga yoshu-keksalar birdek sogʻlom hayot tarzini targʻib etayotgan marafonlarda jismoniy faollik koʻrsatayotgani barchamizni quvontirdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan kamharakatlilik oqibatida kelib chiqayotgan koʻplab kasalliklarning oldini olishda ham jismoniy faollik, jumladan, piyoda yurish turli xil kasalliklarga immunitet hosil qilishda koni foyda ekanligi qayd etilgan.

Eʼtiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda koʻp energiya sarflashning hojati yoʻq, ijobiy taʼsiri esa juda yuqori. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta oʻlim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklari ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Yaʼni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol boʻlgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sogʻlomroq ekan. Tashkil etilgan “5 ming qadam” aksiyasi doirasidagi yurish marafoni bu maqsadga xizmat qildi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *