Qadimiy Chavgon oʻyinimiz asosida shakllangan Polo sport turi boʻyicha ilk musobaqa boʻlib oʻtdi

Chavgon oʻyini juda qadimiy ildizlarga ega. Oʻz qoidalari va koʻrinishi jihatidan koʻpkari va xokkeyga ham oʻxshab ketadi. Oʻyinchilar – maxsus suvorilar otga minib, milliy chavandozlik kiyimlarida maydonga tushganlar. Ular ikki guruhdan iborat boʻlib, oʻrtada chavgon toʻpi talash boʻlgan. Har ikki tomondan 5-6 nafardan oʻyinchi qatnashib, raqib darvozasiga kim qancha koʻp toʻp kiritsa, oʻyin soʻngida oʻsha tomon gʻolib topilgan.

Tarixiy manbalarga koʻra: Chavgon oʻyini Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasida keng ommalashgan boʻlib, xususan yurtimiz hududida XI asrdan buyon mavjud. Bu haqda Firdavsiyning “Shohnoma” asarida qimmatli maʼlumotlar bor. Jumladan, Siyovush bilan Afrosiyob oʻrtalarida chavgon oʻyini oʻtkazilgani hikoya qilinadi.

Buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda bu oʻyinning yuksak darajada rivojlanishiga sababchi boʻldi. Natijada sportning bu turi u yerdan Buyuk Britaniyaga koʻchdi, keyinchalik esa Yevropa va Amerika qitʼalaridagi mamlakatlarga tarqaldi, hattoki olimpiada oʻyinlari dasturiga ham kiritildi.

Maʼlumotlarga koʻra 1850-yilda Hindistonda xizmat qilayotgan ingliz otliq askarlari chavgon oʻyiniga qiziqib qolishgan va dastlabki musobaqalarni oʻtkazishgan. 1871-yilda Buyuk Britaniyada chavgon (polo) musobaqasi tashkil qilingan.

Shu tariqa chavgon oldin Yevropa, keyin Amerika davlatlariga tarqalgan.

Chavgon 1900, 1904, 1920, 1924 va 1936-yillarda boʻlgan olimpiada oʻyinlari dasturidan ham joy olgan. Zamonaviy chavgon oʻyini hozirda polo deb ataladi.

Oʻzbekistonda ham mazkur sport turini keng rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilish maqsadida joriy yilning boshida Oʻzbekiston Polo federatsiyasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan edi.

Bugun poytaxtimizdagi “Universal jumping club” majmuasida polo sporti boʻyicha ilk musobaqa tashkil etildi.

Tantanali ochilish marosimidan soʻng maydonga “Temuriylar” va “Boburiylar” jamoalari kirib keldi.

Qizgʻin va hayajonga boy boʻlgan bahslar yakunida gʻolib jamoa nomi maʼlum maʼlum boʻldi.

Andijonlik chavondondozlardan iborat Boburiylar jamoasi qashqadaryolik raqiblari Temuriylarni 6-5 hisobida magʻlub etishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *