Qilichbozlarimizning yigʻini davom etmoqda

Karantin qoidalari asta-sekin yumshatilishi bilan, joriy yilning 20-sentyabridan qilichbozlik boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari toʻlaqonli mashgʻulotlarga qaytishdi.

Jumladan, shpaga va sablya yoʻnalishlari boʻyicha terma jamoamiz Toshkent shahridagi “Umid” va rapirachilar esa Milliy qilichbozlik klubi zalida kuniga ikki mahaldan oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinini oʻtkazishmoqda.

Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, shifokor Sardor Sadikov sportchilarning sogʻligini doimiy ravishda nazorat qilib boryapti. Yigʻinda barcha karantin qoidalariga rioya qilinmoqda.

– Mazkur yigʻin oldinda boʻlib oʻtadigan respublikamiz miqyosidagi musobaqalar hamda Osiyo va jahon chempionati, shuning jahon kubogi va boshqa xalqaro turnirlarga sifatli va puxta tayyorgarlik bosqichi vazifasini oʻtab beradi – deydi qilichbozlik boʻyicha milliy terma jamoamizning sablya yoʻnalishi boʻyicha murabbiyi Yorqin Yoʻldoshev. – Uzoq tanaffusdan soʻng tashkil etilgan ushbu yigʻinda asosan qilichbozlarimizning jismoniy formasini tiklash va ularning psixologik holatlaridan kelib chiqib, gʻalaba sari ruhlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mashgʻulotlarni kuzatar ekanmiz, sportchilarning murabbiylari koʻrsatmalarini aʼlo kayfiyatda bajarayotganliklarini guvohi boʻldik.

Maʼlumot uchun, qilichbozlik boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlar yigʻini 31-oktyabrga qadar davom etadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *