Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahalla yoshlari oʻrtasidagi futbol musobaqalari qanday tashkil etilmoqda?

Yurtimizda COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq karantin talablari asta-sekin yumshatilishi bilan sport hayoti ham qayta jonlandi. Avvaliga sport mashgʻulotlari oʻtishiga ruxsat berilgan boʻlsa, mana endi musobaqalar ham tashkil etilmoqda.

2020-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan bir qator sport tadbirlari oflayn (anʼanaviy shaklda) tarzda tashkil etila boshlandi.

Jumladan, joriy yilning 7-sentyabridan joylarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan imzolangan qoʻshma qarorga muvofiq futbol boʻyicha “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi”, “Charm toʻp”, “Rahbar kubogi” hamda “Hokim kubogi” musobaqalarining hududiy bosqichlariga start berildi. Hozirda mazkur musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha Ishchi guruh aʼzolari joylarda boʻlib, mamlakatimizning olis hududlarida ushbu musobaqalar qanday oʻtkazilayotganini kuzatib borishmoqda.

Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahalla yoshlari oʻrtasidagi “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi” hamda “Charm toʻp” futbol musobaqalarining tuman bosqichlari oʻtkazilib, Respublika bosqichiga yoʻl olgan jamoalar aniqlandi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining eng kenja tumanlaridan Boʻzatovda ham musobaqalar koʻtarinki ruhda tashkil etildi. Boʻzatov tumani yangi tashkil etilgan, aholisi ham koʻp emas. Shunday boʻlsa-da tuman mahallalari va ovullari ushbu sport tadbirlariga jiddiy qarashdi. Qizgʻin va murosasiz oʻtgan bahslar yakuniga koʻra 9-12 yoshli bolalar oʻrtasidagi “Futbolimiz kelajagi” hamda 13-14 yoshli bolalar oʻrtasida tashkil etilgan “Mahallada futbol” musobaqalarida “Erkindaryo” ovul fuqarolar yigʻinining yosh futbolchilariga munosib raqib topilmagan boʻlsa, “Charm toʻp” musobaqasida esa “Boʻzatov” posyolka fuqarolar yigʻini jamoasi 1-oʻringa sazovor boʻldi.

Ammo baʼzi hududlarda musobaqaga panja ortidan qarash holatlari ham uchrayotgani achinarli. Jumladan, Taxtakoʻpir tumanida “Charm toʻp” musobaqalariga hududdagi 21ta mahalla, ovul va posyolka fuqarolar yigʻinlaridan atigi 7ta jamoa va jami 86 nafar ishtirokchi qatnashganligini nima bilan izohlash mumkin?

7ta jamoa ishtirokida oʻtgan, qizgʻin va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga koʻra 1-oʻrinni “Taxtakoʻpir” ovul fuqarolar yigʻini jamoasi qoʻlga kiritdi. Sovrindorlar uchligini “Qaraoy” hamda “Atakoʻl” ovul fuqarolar yigʻinlari jamoalari yakunlab berdi.

Shunga oʻxshash holat afsuski Kegeyli tumanida ham kuzatildi. Bu yerda tumandagi 14ta mahalla, ovul va posyolka fuqarolar yigʻinlaridan atigi 5ta jamoa gʻoliblik uchun bahs olib borishganiga nima deysiz?! Nahotki ertamiz egalarining salomatligi masalasiga mutasaddi rahbarlar shu qadar eʼtiborsizlik bilan qarashayotgan boʻlsa.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahalla yoshlari oʻrtasidagi “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi” hamda “Charm toʻp” futbol musobaqalarining yakuniy bosqichi 9-sentyabr kuni Nukus shahrida tashkil etiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *