Qoraqalpogʻistonda ham mahalla yoshlari oʻrtasidagi futbol musobaqalari yakunlandi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mahalla yoshlari oʻrtasidagi “Futbolimiz kelajagi”, “Mahallada futbol”, “Charm toʻp” musobaqalarining hududiy bosqichlari yakuniga yetmoqda.

Bugun Nukus shahrida mazkur musobaqalarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi yakuniy bosqichi oʻtkazildi. Unda hududiy bosqichlarda gʻolib chiqqan jamoalar oʻzaro kuch sinashdi.

9-12 yoshli bolalar oʻrtasida kechgan “Futbolimiz kelajagi” musobaqalarining yakuniy bosqichiga 13ta jamoa yetib keldi. Oʻyinlar Olimpiya tizimida oʻtkazilib, yutqazgan jamoalar bahslardan chiqib ketdi. Ushbu yosh toifasida sovrindorlar uchligiga Muynoq tumanining “Jayxun” mahallasi yoshlari yakun yasab berishdi.

Finalga esa Xoʻjayli hamda Shumanay tumanlarining “Navroʻz” mahallasi yoshlari yetib kelishdi. Uchrashuvni shumanaylik futbolchilar koʻtarinki ruhda boshladi va avvaliga hisobda oldinga chiqib olishdi. Ammo, jismonan yaxshi tayyorgarlikka ega Xoʻjayli tumani vakillari birinchi boʻlimning oʻzidayoq hisobni tenglashtirgan boʻlsa, tanaffusdan keyin yana uch bor raqib darvozasiga yoʻl topdi va yakunda 4-1 hisobida ishonchli gʻalabaga erishdi.

13-14 yoshli oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Mahallada futbol” musobaqasida hal qiluvchi bahslarga 12ta jamoa yetib keldi. Bu yosh toifasida ham musobaqa Olimpiya tizimida tashkil etildi.

3-oʻrin uchun kechgan bahsda yarim final omadsizlari – Nukus hamda Muynoq tumani jamoalari oʻzaro toʻqnash kelishdi va unda nukuslik yoshlarning qoʻli baland keldi. Hal qiluvchi final oʻyinida esa Toʻrtkoʻl tumanining “Turkiston” mahallasi yoshlari yagona gol evaziga Chimboy tumanining “Temiryoʻl guzari” mahallasi vakillarini magʻlub etishdi.

Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va estalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *