Regbi federatsiyasi OʻzMU bilan hamkorlik memorandumini imzoladi

Hozirda regbi mamlakatimizda jadal rivojlanib borayotgan sport turlaridan biri sanaladi. Oʻzbekiston regbi federatsiyasi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi hamda faoliyat koʻrsatmoqda, regbi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi nufuzli xalqaro musobaqalarda (“Asian Olympic Pre-Qualifier”, “Asian 7ʼs”) munosib ishtirok etib kelmoqda, terma jamoamiz Osiyo mintaqasida kuchli sakkizlikka kiradi.

Shu bilan birga, moddiy-texnik baza va infratuzilmaning yetarli emasligi, regbi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uygʻun tizimi yaratilmaganligi sohaning yana-da rivojlanishi hamda Oʻzbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlashga toʻsqinlik qilmoqda.

Regbini yana-da rivojlantirish, uni respublika aholisining keng qatlami orasida ommalashtirish, yuqori sifatli oʻquv-mashq jarayonini taʼminlash, regbichilar, trenerlar va hakamlarning mahorati va malakasini doimiy oshirib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, regbichi-sportchilarni tayyorlash uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

Unda iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya) ishlarining samaradorligini oshirish va regbi boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish, regbi sportini ommalashtirish, yoshlarni sport klublari, seksiyalar va toʻgaraklarga faol jalb qilish, ulardan keng foydalanish imkoniyatini taʼminlash, trenerlar, hakamlar va regbi boʻyicha boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, regbi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun uning sifatli va samarali tayyorgarligini taʼminlash, xalqaro musobaqalarning gʻoliblari va sovrindorlarini ragʻbatlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va regbi boʻyicha boshqa mutaxassislarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, regbining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini takomillashtirish belgilab berilgan.

Aytish joizki, ushbu sport turi yurtimizga kirib kelganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Ayni paytda regbini yurtimizda ommalashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Biroq, Prezident qarori bilan mamlakatimizda regbini rivojlantirishning huquqiy asosi yaratib qoʻyilgan boʻlsada, amalda bajarilayotgan ishlarni qoniqarli, deb boʻlmaydi. 

Shu maʼnoda Qaror ijrosini birinchilardan boʻlib taʼminlashga kirishgan Oʻzbekiston milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov tomonidan olib borilgan saʼy-xarakatlar natijasida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab OʻzMUning Taekvondo va sport faoliyati fakultetida regbi sporti boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga 45 nafar talaba qabul qilindi.

Olib borilgan ishlarni yana-da kuchaytirish va tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida, shuningdek, universitet hayotidagi boshlanayotgan yangi tarixiy qadamga rasmiy maqom berish uchun Oʻzbekiston Milliy universitetiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Regbi federatsiyasi prezidenti Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Regbi federatsiyasi bosh kotibi Qaxramon Jalilov, Oʻzbekiston Regbi terma jamoasi bosh murabbiyi Danil Kulikovlar tashrif buyurdi.

Mehmonlarni universitet rahbariyati bilan birgalikda fakultetda tahsil olayotgan talabalar: sport turlari boʻyicha 11 nafar jahon chempioni, 100ga yaqin Osiyo va Xalqaro musobaqalar gʻoliblari kutib olishdi. Chinakam sport bayramiga aylanib ketgan va qariyb ikki soat davom etgan qizgʻin bahs-munozara, taklif va mulohazalarga boy boʻlgan “Yoshlar va sport” ochiq muloqoti yakunida Oʻzbekiston Regbi federatsiyasi prezidenti Sodiq Safoyev tomonidan talaba-yoshlar bilan uchrashuv sovgʻasi sifatida universitet Axborot-resurs markaziga kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.

Tadbir yakunida talaba-yoshlar davrasida OʻzMU hamda Oʻzbekiston Regbi federatsiyasi oʻrtasida mamlakatimizda ayollar Regbisini rivojlantirish, respublikamizning chekka hududlaridagi xotin-qizlar orasidan sportga iqtidori va qiziqishi borlarini topish, ularni tarbiyalash va kelajakda Oʻzbekiston nomidan Jahon chempionatlari, Olimpiada oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *