Samarqandda dzyudo sportini yana-da rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi qoshidagi viloyatlardagi boʻlimlar faoliyatini oʻrganish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga koʻmaklashish, joylarda sidqidildan ishlayotgan murabbiylarni ragʻbatlantirish, isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar boʻyicha maxsus ishchi guruh tashkil etilgan.

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabar berishicha: kuni kecha Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi rais oʻrinbosari Shoatxam Isroilov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari Samarqand shahrida boʻlishdi. Olimpiya zaxiralari kollejida oʻtkazilgan tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan murabbiylar ishtirok etishdi.

Soʻzga chiqqan federatsiya raisi oʻrinbosari Sh.Isroilov: “Yutuqlar oʻzimizniki. Lekin biz Olimpiadada medallar qoʻlga kiritilgandagina amalga oshirayotgan ishlarimiz samara berganidan xursand boʻlishimiz mumkin. Ungacha quvonishga haqqimiz yoʻq. Nafaqat Samarqand, balki barcha hududiy boʻlimlarimizning vazifasi kattalar terma jamoasiga munosib dzyudochilarni yetkazib berish boʻlishi kerak. Shundagina qilinayotgan ishlar samarasi koʻrinadi. Samarqand viloyatining potensiali juda yuqori. Federatsiya viloyatda dzyudo rivojiga toʻsqinlik qilayotgan barcha muammolarni bartaraf etishga tayyor. Tatamilar ham olib beriladi. Faqat bunga javoban natija ham boʻlishi kerak. Keyin Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) dasturi doirasidagi dzyudo maktablari faoliyatini ham yaxshilashimiz shart. Hozir reja qilayapmiz, balki kelasi yildan dzyudo maktablari oʻrtasida mamlakat birinchiligini oʻtkazamiz. Bu maktablarda shugʻullanayotganlar orasidan ham terma jamoa aʼzolarining yetishib chiqishini taʼminlashimiz lozim”, – dedi Sh.Isroilov.

Yigʻilish davomida viloyatda faoliyat yuritayotgan murabbiylar va sportchilar ham soʻzga chiqib faoliyati davomida toʻsiq boʻlayotgan muammolar va kamchiliklar boʻyicha taklif mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligimatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *