Sambochilarimiz Jahon kubogidan 13ta medal bilan qaytishdi

Xabar berganimizdek, shu yilning 16-20-dekabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida sambo boʻyicha kattalar va ayollar oʻrtasida Jahon kubogi musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Unda mezbonlardan tashqari Armaniston, Belarus, Moldova, Ruminiya, Serbiya, Xorvatiya, Vinesuela, Xitoy, Baxreyn, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Oʻzbekiston kabi 14ta davlatdan 130 nafardan ortiq sportchi gʻoliblik uchun kurash olib borishdi. Ular orasida 13 nafar Oʻzbekiston milliy terma jamoa aʼzolari ham bor edi.

Eʼtiborlisi, 13 kishidan iborat terma jamoamiz jahon kubogidan jami 12ta medalga sazovor boʻlishdi. Shundan 3tasi oltin, 8tasi kumush va bittasi bronza medalidir.

Sambochilarimizdan Davlatjon Hamroyev (-62 kg), Sarbon Ernazarov (-74 kg) hamda jangovar sambo boʻyicha Dilshod Gadoyev (-57 kg) oʻz vazn toifalarida oltin medal bilan taqdirlangan boʻlishsa, Feruz Fayzulloyev (-62 kg), Ulugʻbek Rahmonov (-82 kg), Neʼmat Yoqubov (-90 kg), jangovar sambochilarimizdan Lutfulla Saydamatov (-57 kg), Furqat Roʻziyev (-82 kg), Erali Abrayev (-90 kg) hamda Hakimjon Ismoilov (+100 kg) kumush, yana bir sambochimiz Sunnat Abdumajidov (-82 kg) bronza medaliga sazovor boʻldi.

Ayollar oʻrtasida oʻtgan musobaqalarda esa Ibodatxon Ogʻajonova (-60 kg) kumush, uning jamoadoshlari Musharraf Ibodullayeva (-48 kg) hamda Dilnoza Ziyayeva (-52 kg) bronza medalini qoʻlga kiritishdi.

Umumjamoa hisobida Oʻzbekiston milliy terma jamoa aʼzolari ham erkaklar, ham ayollar oʻrtasida mezbonlar – Rossiyadan keyin faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritishdi.

Bugun erta tongda Oʻzbekiston sport delegatsiyasi Moskva-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi. Ularni Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston sambo federatsiyasi vakillari, Milliy gvardiya va Ichki ishlari vazirligining harbiy orkestri hamda OAV xodimlari kutib olishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *