Sergeli tumanida mini-futbol boʻyicha “Hokim kubogi” musobaqasi oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlari ijrosini taʼminlash, xususan aholining turli qatlamlari orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida poytaxtimizning Sergeli tumanida mini-futbol boʻyicha “Hokim kubogi” musobaqalari tashkil etildi.

Tumandagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan ushbu musobaqaning final bosqich oʻyinlariga yangidan bunyod etilgan 330-sonli umumtaʼlim maktabining mini-futbol maydoni mezbonlik qildi.

Qiziqarli, oʻziga xos futbol kombinatsiyalariga boy va murosasiz kurashlar ostida oʻtgan musobaqa yakunida 285-sonli umumtaʼlim maktabining sportchi-oʻquvchilari 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

6-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari 2-oʻrin bilan cheklangan boʻlsa, sovrinli 3-oʻrin 301-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchilariga nasib etdi.

Musobaqa gʻolib va sovrindorlari Sergeli tumani hokimi E.Shukurov hamda tumandagi sektor rahbarlari tomonidan oltin, kumush va bronza medallari, esdalik sovgʻalari, faxriy yorliq va futbol toʻplari bilan taqdirlanishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *