“Shohimardon” mahallasi yoshlariga 52 million soʻmlik sport jihozlari yetkazib berildi

Qisqacha mazmuni: Fargʻona viloyatining anklav hududda joylashgan “Shohimardon” mahallasi yoshlariga qiymati 52 million soʻmlik sport jihozlari yetkazib berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020-yil 5-6-iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatning Soʻx tumani, qolaversa Fargʻona tumanining “Shohimardon” mahalla fuqarolar yigʻini hamda qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh boʻlgan hududlarda aholi oʻrtasida doʻstona munosabatlarni yana-da rivojlantirish, jumladan sportning yakkakurash turlari, futbol, voleybol, basketbol hamda badminton boʻyicha “Doʻstlik” kuboklarini muntazam ravishda oʻtkazish vazifasi belgilangan.

Mazkur topshiriqning ijrosini taʼminlash maqsadida, kuni kecha Fargʻona tumanining anklav hududda joylashgan “Shohimardon” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi yoshlarni sportga keng jalb qilish hamda ularning sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan jami 7 turdagi umumiy qiymati 52 mln. soʻmlik sport jihozlari yetkazib berildi.

Shu bilan birga “Shohimardon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida yoshlar oʻrtasida futbol, voleybol, basketbol va badminton boʻyicha musobaqalar ham tashkil etildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *