Shomurodov Italiyada porlamoqda

Uning aniq toʻp uzatishidan soʻng Destro gol urdi va «Jenoa» magʻlubiyatdan qutilib qoldi

Kecha futbol boʻyicha jahonning eng kuchli chempionatlaridan biri Italiya “A” seriyasida 15-tur oʻyinlari oʻtkazildi. Tabiiyki, yurtimizdagi futbol ishqibozlari nigohi Genuyada boʻlib oʻtgan «Jenoa» va “Latsio” uchrashuviga qaratildi.

Mazkur oʻyinda ham Oʻzbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov «Jenoa»ning zaxirasida qoldirildi va faqat 2-boʻlimda maydonga tushirildi. Bungacha rimliklar oʻyinda katta tashabbusga ega boʻlib turishgan va hisobda ham oldinga (0:1) chiqib olishgandi.

Eldor maydonga tushishi bilan «Jenoa»ning hujumlari maʼno va mazmun kasb eta boshladi. Bu esa 58-daqiqaga kelib oʻz samarasini berdi. Raqibning 4 nafar himoyachisiga qarshi qolgan Shomurodov – Destro tandemi yakunda “Latsio” darvozasini ishgʻol qilishga muvaffaq boʻldi. Ushbu vaziyatda katta ishni Eldor bajardi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. U raqibning uch nafar himoyachisini oʻziga jalb qildi, Lukas Leyvadan osonlik bilan oʻtib ketdi va Destroni zarba uchun qulay vaziyatga olib chiqdi hamda sherigini oʻz vaqtida toʻp bilan taʼminladi.

Garchi bu natija «Jenoa»ning havfli hududdan uzoqlashishi uchun yetarli boʻlmasada, ancha kuchli raqibdan tortib olingan bir ochko jamoa aʼzolarida oʻziga boʻlgan ishonchni oshirishi muqarrar.

Shu tariqa kecha Eldor Apennin yarim orolidagi oʻzining 10-oʻyinida (A seriya va Italiya kubogi qoʻshib hisoblangan) maydonga tushdi. Mazkur oʻyinlarda hamyurtimiz quyidagi statistikani qayd etdi: 1ta gol, 2ta assist. Endigina “A” seriyaga moslashayotgan hujumchi uchun yomon koʻrsatkich emas, ammo muxlislar Shomurodovdan yana-da koʻprogʻini kutishadi. Umid qilamizki, mana shunday ishonchli va eng muhimi, samarali oʻyinlari bilan Eldor tez orada «Jenoa»ning asosiy hujumchisiga aylanadi va koʻhna qitʼada oʻzbek futbolining nufuzini oshiradi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *