Sirdaryoda oʻtkazilgan ommaviy sport tadbirlariga 7 000dan ortiq aholi jalb etildi

Sirdaryo viloyatida aholining barcha qatlamlari, jumladan, keksalar va nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, mahallarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining “Mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi targʻibotini yana-da kuchaytirish toʻgʻrisida”gi 1085-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan media-rejada belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Sirdaryo viloyati hokimligi, Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda joriy yil 3-oktyabr kuni pandemiya davrida aholining salomatligini tiklash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb etish, fuqarolarining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va salomatligini mustahkamlash maqsadida Guliston, Yangiyer, Shirin shaharlari hamda Boyovut, Sardoba, Sayxunobod tumanlarida “Sogʻliq uchun 5000 qadam” va “Avtomobilsiz kun” shiorlari ostida ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari va ommaviy yurish tadbirlari tashkil etildi.

Ommaviy sport tadbirlariga jami 7000 nafardan ortiq fuqarolar jalb etilib, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Mazkur sport tadbirlarini tashkil etishdan koʻzlangan maqsad, fuqarolarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, aholi oʻrtasida sportni faol targʻib qilish hamda pandemiya davrida jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullangan holda turli kasalliklarning kelib chiqishini oldini olishdan iborat.

Shuningdek, Sirdaryo viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mahalliy aholini doimo jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga hamda haftaning har shanba kunini hududlarda oʻtkazilayotgan ertalabki badantarbiya va yurish sport tadbirlarida faol ishtirok etishga chorlab kelmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *