Sohada yangi soʻz va atamalar qoʻllanilishi yuzasidan Respublika onlayn ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi bilan hamkorlikda “Jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid yangi soʻz va atamalarning qoʻllanilishi: nazariya va amaliyot” Respublika onlayn ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.

Anjuman jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid yangi soʻz va atamalarning qoʻllanilishidagi muammolar va yechimlar, oʻzbek tilining davlat tili sifatida rivojlanishida sportning oʻrni hamda davlat tili targʻiboti masalalari, jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat tilida ish yuritish masalalari, bolalar hamda kattalar foydalanadigan sport jihozlarining oʻzbek tilida nomlanishi, jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid yangi soʻz va atamalarni qoʻllash borasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish zarurati kabi yoʻnalishlarni qamrab oldi.

Tadbir yaqinda respublikamiz miqyosida keng nishonlangan oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 31 yillik bayramiga hamohang tarzda tashkil etildi. Anjumanda sohaning yetuk olimlari, malakali mutaxassislar tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasida bir necha yillardan beri oʻz yechimini kutayotgan muammolar muhokama etildi hamda ilmiy tavsiya va takliflar berildi.

Anjuman muhokamasidagi masalalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil 20-oktyabr kuni imzolangan “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturida belgilangan bir qator vazifalar ham tahlil qilindi.

Topshiriqlar doirasida jismoniy tarbiya va sport sohasi boʻyicha kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalarni toʻgʻri belgilab olish maqsadga muvofiq ekanligi, oʻtgan davr mobaynida soha mutaxassislari, olimlar, jumladan, fan doktori va professorlar F.Kerimov, R.Xolmuxammedov, A.Abdiyev, S.Tojiboyev, X.Rafiyev, dotsentlar O.Hayitov hamda A.Shopoʻlatovlar sport ensiklopediyasi, sport jihozlarining oʻzbek tilida nomlanishi, jismoniy tarbiya va sport atamalari, sport sohasiga oid oʻzbek tiliga xorijiy tillardan oʻzlashtirilgan soʻz va atamalar hamda sport turlari boʻyicha soʻz va atamalar hamda izohli lugʻatlar yaratilmaganligi sohada ayniqsa ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida sport atamalarini turlicha qoʻllashga sabab boʻlayotganligi qayd etildi.

Vazirlik tizimidagi sport taʼlim muassasalari uchun lotin alifbosida oʻquv adabiyotlarini yaratish, shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha vazirlik huzuridagi muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini ham yana-da jonlantirish, soha mutaxassislari, olimlarning jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tayyorlangan oʻquv adabiyotlarining muhokamasini tashkil etish, har bir oʻquv qoʻllanma va adabiyotlarni sifatli tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish lozimligi kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *