Sun’iy qoplamali maydonlar uchun qancha mablag‘ ajratilgan?

Xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, aholini sog‘lom turmush tarziga jalb qilish borasida ko‘rilayotgan choralar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining bosh kotibi Avaz Maksumov 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonining ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xalqaro tashkilotlar, OFK va UEFA bilan infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirayotganligi, xususan OFK tomonidan Nukus, Namangan, Buxoro va Toshkent shaharlarida zamonaviy standartlar asosida qurilgan sun’iy qoplamali maydonlar uchun 800 000 AQSh dollari miqdorida beg‘araz mablag‘ ajratilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan respublikamizning har bir hududidagi sport maktablari, futbol maktablari, futbol akademiyalaridan futbol to‘garaklari uchun zarur anjomlar va jihozlar bo‘yicha talabnomalar jamlab chiqildi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘FA tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida BO‘SM, IBO‘SM hamda IOZMI faoliyati o‘rganib chiqildi. Natijalarga ko‘ra, 345ta futbol maydonidan 135tasi ta’mirtalabligi, 561 nafar murabbiy yetishmasligi va 8 252 ta futbol to‘plariga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi. Ya’ni, tahlil natijasida 9 nafar yosh futbolchiga faqatgina bir dona to‘p to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Aslida, har 2 nafar futbolchiga bitta to‘p to‘g‘ri kelishi joiz.
“Ommaviylik haqida gapiradigan bo‘lsak, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda viloyatlarda 17-30 sentyabr kunlari «Mahallada futbol», «Futbolimiz kelajagi» musobaqalari o‘tkazildi va ushbu musobaqalarga 55 000 nafarga yaqin ishtirokchi jalb etildi. Shuningdek, 4-12 oktyabr kunlari Toshkent shahrida «Bosh vazir kubogi» futbol musobaqasi tashkil etilib, unda 71ta jamoadan 1 065 nafar ishtirokchi maydonga tushgan bo‘lsa, 22-30 oktyabr kunlari o‘tkazilgan “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” musobaqasida 60ta jamoadan 900 nafar ishtirokchi qatnashdi. Bu ham futbolni aholining turli qatlamlari orasida ommalashtirishga xizmat qiladi”, – deb ta’kidladi matbuot anjumanida A.Maksumov.

Shuningdek, anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan yana ko‘plab savollarga javob olishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *