Suv polochilari poytaxtda, akademik eshkak eshuvchilar esa Toshkent dengizida oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinini oʻtkazmoqda

Mamlakatimizda joriy etilgan karantin talablari asta-sekin yumshatilishi bilan sport turlari boʻyicha terma jamoalarimiz ham oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini boshlashmoqda.

Jumladan, ayni kunlarda suv polosi hamda akademik eshkak eshish boʻyicha milliy terma jamoalarimiz navbatdagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga kirishgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020-yil 2-oktyabrdagi 1125-sonli buyrugʻiga muvofiq 6-29-oktyabr kunlari suv polosi boʻyicha 16 nafar sportchi hamda ikki nafar trener Toshkentdagi Suv sporti turlarini rivojlantirish markazida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etishgan. Mazkur oʻquv-mashgʻulot yigʻini suv polosi boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi uchun Italiyaning Triyest shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi nufuzli Xalqaro turnirga puxta tayyorgarlik koʻrishiga xizmat qiladi.

24 nafar sportchi, 5 nafar trener hamda bir nafar shifokordan iborat akademik eshkak eshish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Toshkent dengizida joylashgan Suv sporti turlari boʻyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi tassarufidagi sport bazasida oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini olib bormoqda.

Mazkur oʻquv-mashgʻulotlar yigʻini mart oyida Tailandning Pattayya shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik vazifasini oʻtab berish barobarida oʻsmirlar va yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni milliy terma jamoa safiga saralab olishga xizmat qiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *