Suv sporti boʻyicha keyingi toʻrt yillik rejalar muhokama qilindi

Bugun Respublikamizda suv sporti turlarini ommalashtirish va rivojlantirish, 2024-yil Parij shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga suzuvchilarimizni munosib tayyorlash hamda nufuzli musobaqada arzirli yutuqlarni qoʻlga kiritish boʻyicha amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov va suv sporti boʻyicha tegishli mutasaddilar ishtirok etdi. Yigʻilishda suv sporti rivoji yoʻlida olib borilayotgan ishlar tanqidiy koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, Olimpiya oʻyinlarida suv sporti boʻyicha eng koʻp medallar jamlanmasi oʻynaladi. Shu boisdan bu yoʻnalishda sport turlarini mamlakatimizda keng ommalashtirish va rivojlantirishning ahamiyati yuqori. Ammo, bugungi kunda respublikamizda mavjud boʻlgan imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotganligi va suv sporti turlarining rivojlanishida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar mutasaddilar tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Yigʻilish davomida terma jamoalarning yaxshi natijalarga erishishida sportchilarga yetarli sharoit yaratib berish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Shuningdek, mutasaddilar tomonidan suv sporti turlari boʻyicha jahon standartlari talabiga javob bera oladigan baza tashkil etish masalasi ham oʻrtaga tashlandi.

Parij Olimpiadasiga qadar sportchilarimiz oldida turgan musobaqalarda munosib ishtirok etishlari uchun ularga shart-sharoit yaratib berish borasida barcha imkoniyatlarni ishga solish, jumladan, xorij davlatlarida oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini tashkil etish borasida takliflar koʻrib chiqildi.

Litsenzion musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishda xorijlik tajribali mutaxassislarni jalb etish va mahalliy trenerlarning salohiyatini oshirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, suv sporti boʻyicha har tomonlama zamon talablariga javob bera oladigan baza tashkil etilishi boʻyicha kerakli koʻrsatmalar berildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *