Suzish: Oʻzbekiston ochiq chempionatida hamyurtimiz Olimpiya oʻyinlari talabini bajardi

Kecha poytaxtimizdagi “Saxovat” suv sporti markazida oʻtkazilgan suzish boʻyicha Oʻzbekiston ochiq chempionati bahslari oʻz yakuniga yetdi.

Mazkur musobaqaning ahamiyatli jihati, unda gʻoliblar Xalqaro suv sporti turlari federatsiyasi tomonidan Tokio-2020 litsenziyasi uchun qimmatli reyting ochkolariga ega boʻldi.

Ochiq chempionatda Oʻzbekiston suv sporti ustalari bilan bir qatorda Qirgʻiziston hamda Chexiya terma jamoalari ham ishtirok etishdi.

Musobaqaning soʻnggi kuni ham vakilimiz uchun omadli keldi. Bu haqda Oʻzbekiston suzish federatsiyasi matbuot xizmati maʼlum qildi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Vladislav Mustafin vaqt sinovini (time trial)* muvaffaqiyatli bajardi. Hamyurtimiz 100 metr masofaga brass usulida suzish boʻyicha 59,89 natija qayd etdi va Olimpiada talabini bajardi. Mazkur yoʻnalishda Olimpiya oʻyinlari uchun kvalifikatsiya vaqti 59.93 soniyani tashkil qiladi.

Eslatib oʻtamiz, musobaqaning birinchi kunida yana bir hamyurtimiz Xurshid Tursunov 100 metrga erkin usulda suzish bahsida Olimpiada normativini bajargan edi.

Endi musobaqaning rasmiy natijalari Xalqaro suv sporti federatsiyasiga taqdim etiladi. Tashkilot natijalarni tasdiqlagach, hamyurtlarimizni Tokio-2020 yoʻllanmasi qoʻlga kiritilganligi bilan taqdirlashimiz mumkin boʻladi.

Musobaqa gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov ham ishtirok etdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *