Toshkent suzish boʻyicha litsenzion musobaqaga mezbonlik qiladi

Xabaringiz bor 2020-yil noyabr oyida poytaxtimizdagi “Saxovat” suv sporti markazida suzish boʻyicha Oʻzbekiston ochiq chempionati bahslari oʻtkazilgan edi.

Noyabr oyida oʻtkazilgan musobaqaning ahamiyatli jihati, unda gʻoliblar Xalqaro suv sporti turlari federatsiyasi (FINA) tomonidan Tokio-2020 litsenziyasi uchun qimmatli reyting ochkolariga ega boʻlishgan edi. Ochiq chempionatda Oʻzbekiston suv sporti ustalari bilan bir qatorda Qirgʻiziston hamda Chexiya terma jamoalari ham ishtirok etishgandi.

Boshlangan yangi 2021-yilda ham Oʻzbekiston suzish federatsiyasi oʻz oldiga ulkan maqsadlarni qoʻymoqda. Joriy yilning aprel oyida yana bir nufuzli musobaqaga mamlakatimiz mezbonlik qiladi.

Oʻzbekistonda suzish federatsiyasi suv sportini rivojlantirish va ommalashtirish, shuningdek FINA va boshqa milliy federatsiyalar bilan oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish maqsadida FINAga 2021-yilning aprel oyida suzish boʻyicha navbatdagi Oʻzbekiston ochiq chempionatini Tokio Olimpiadasi saralashi sifatida tasdiqlash toʻgʻrisida murojaat qildi.

Oʻzbekiston suzish federatsiyasiga keng miqyosidagi xalqaro tadbirlarni tashkil qilish boʻyicha tajribasi va amaliyotini hisobga olgan holda, FINA OʻSFning taklifini qoʻllab-quvvatladi va joriy yilning 12-17-aprel kunlari poytaxtimiz suzish boʻyicha Oʻzbekiston ochiq chempionatiga mezbonlik qiladigan boʻldi.

Ushbu musobaqa nafaqat Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari, balki jahon chempionatlari uchun ham saralash bosqichi vazifasini oʻtab beradi. Bunda belgilangan normativni bajargan sportchilar Olimpiya oʻyinlari bilan bir qatorda joriy yil Abu-Dabida kichik havzada oʻtadigan (25m) 15-jahon chempionati va 2022-yilda Yaponiyaning Fukuoka shahri mezbonlik qiluvchi 19-jahon chempionatlarida ishtirok etish huquqini ham qoʻlga kiritishlari mumkin boʻladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *