Toshkent viloyati hokimi uch nafar olimpiyachimizni “Gentra” avtomobili bilan taqdirladi

Soʻnggi yillarda Vatanimiz sportchilari jahon arenalarida olamshumul gʻalabalarni qoʻlga kiritib kelishayotgani hech kimga sir emas. Bu yutuqlarga Toshkent viloyati sportchilari ham oʻzlarining salmoqli ulushini qoʻshib kelmoqda.

Kelgusi yil Yaponiyaning Tokio shahri mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga Toshkent viloyatidan uch nafar sportchi yoʻllanmani qoʻlga kiritishgan. Bular – ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev, bokschilar Elnur Abduraimov hamda Tursunoy Rahimova.

Bugun Toshkent viloyati hokimligida ushbu sportchilarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyat hokimi, senator Rustam Xolmatov ishtirok etib, xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilar, ularning ota-onalari hamda ustozlariga minnatdorlik bildirdi.

Shundan soʻng Tokio-2020 litsenziantlariga “Gentra” rusumli avtomobil kalitlari topshirildi. Faqat, Elnur Abduraimov ayni vaqtda AQSHda boʻlib turgani va professional boksda navbatdagi jangiga tayyorgarlik koʻrayotganligi bois uning nomidan sovgʻani otasi Nurgali Abduraimov qabul qilib oldi.

Shuningdek, tadbirda boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiyi Toʻlqin Qilichev, boks murabbiyi, Olmaliq shahar BOʻSM direktori Ozod Hasanov hamda trener Azamat Turopovlar ham hokim sovgʻasi – Noutbuk bilan taqdirlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *