Bugun Olimpiya shon-shuhrati muzeyida ushbu mukofotlarni egalari topshirishga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov,  Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya  assotsiatsiyasi raisi Ulugʻbek Mirhaydarov va boshqalar ishtirok etishdi.

Dastlab, Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yil 4 dekabr kuni imzolangan “III Parosiyo oʻyinlarining gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash toʻgʻrisida”gi Farmoyishini oʻqib eshittirdi.

Unga koʻra, Paraosiyo oʻyinlari oltin medali sohiblari 5000, kumush medal sovrindorlari 3000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilarimiz esa 2000 AQSH dollari miqdoridagi, shogirdlari oltin medalni qoʻlga kiritgan trenerlar 2500, kumush medal 1500, bronza medalga ega chiqqan sportchilarimizning trenerlari esa 1000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan birma-bir taqdirlanishdi.

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston terma jamoa aʼzolari yengil atletikachi Xusniddin Norbekov, suzuvchi Fotima Amilova, dzyudo boʻyicha trener Hasan Qosimovlar soʻzga chiqib, Prezidentimiz tomonidan qaratilayotgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini, kelgusida ham gʻalaba qozonish uchun yanada ishtiyoq bilan mehnat qilishlarini bildirishdi.