Vazirlik xodimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarini oʻrganishmoqda

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi xodimlaridan iborat Ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat safarida boʻlib turibdi. Safar davomida hududda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi”, “Charm toʻp”, shuningdek ishchi-xodimlar oʻrtasidagi “Hokim kubogi” hamda “Rahbar kubogi” kabi futbol musobaqalarining tashkil etilishi jarayonlarni koʻzdan kechirilib, mavjud muammo va kamchiliklarni oʻrganish rejalashtirilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi mamlakatimizning muhim strategik ahamiyatga ega hududlaridan sanaladi.2019-yilning 1-aprel holatiga koʻra, doimiy aholisi soni 1 875,4 ming kishini tashkil etuvchi ushbu hududda soʻnggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada ayniqsa Moʻynoq (umumiy aholisi soni 31.4 ming kishi) hamda Taxtakoʻpir tumanlarida (39, 9 ming kishi) amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq.

Jumladan, yaqinda Taxtakoʻpir tumanida oʻlchami 100×50 metr boʻlgan yangi, zamonaviy, oʻz bagʻriga ming nafar tomoshabinni sigʻdiradigansunʼiy qoplamali futbol stadioni qurib bitkazildi. Loyiha qiymati 6 milliard soʻmdan oshiqroq boʻlgan bu oʻyingohda mahalliy yoshlar qishin-yozin sevimli sport turi bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Bu esa qoraqalpoq yoshlari orasidan yangi isteʼdodlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

Ayni paytda Taxtakoʻpir tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabida uch nafar oʻrta-maxsus maʼlumotga ega trenerlar 142 nafar yosh futbolchilarga saboq berib kelishmoqda.

Qonlikoʻl tumanida ham 2019-yilda oʻlchami 100×50 metr boʻlgan sunʼiy qoplamali futbol stadioni qurib, mahalliy yoshlar ixtiyoriga topshirilgan. Noqulay iqlim sharoiti tufayli Qoraqalpogʻiston Respublikasida tabiiy, yaʼni chim qoplamali maydon qurish deyarli imkonsiz, tuprogʻi tarkibida tuz nihoyatda koʻp boʻlgan bu hududda chim tugul giyoh oʻsishi dargumon. Shu maʼnoda Qoraqalpogʻiston Respublikasida futbolni rivojlantirmoqchi boʻlsak, sunʼiy qoplamali maydonlarni koʻpaytirish kerak.

Qonlikoʻl tumanida ham sunʼiy qoplamali futbol maydonining barpo etilishi hududda millionlar oʻyinining jadal surʼatlarda rivojlanishida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Oʻtgan qisqa vaqt ichida shu maydondan yetishib chiqqan futbolchilardan ikki nafari Nukusning “Orol” jamoasiga jalb etilgan boʻlsa, 7 nafar bola Nukus Olimpiya zaxiralari kollejiga, yana 5 nafari esa Nukus futbol mahorati maktabiga qabul qilindi.

Darvoqe, Qonliqoʻl tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabida hozirda 14ta sport turi boʻyicha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularda 26 nafar trener yoshlarga saboq berib kelmoqda. Trenerlarning 14 nafari oliy maʼlumotli mutaxassislardir. Bolalar-oʻsmirlar sport maktabida bugungi kunda 1 214 nafar oʻgʻil-qiz sport bilan muntazam shugʻullanib kelishmoqda. Shundan 418 nafarini qizlar tashkil qiladi.

Shunisi quvonarliki, tumanda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Futbolimiz kelajagi”, “Mahallada futbol”, “Charm toʻp” musobaqalariga ham katta qiziqish bilan qaraldi. Buni ushbu musobaqalarda tumandagi barcha mahalla, ovul hamda posyolka fuqarolar yigʻinlaridan jamoalar ishtirok etganidan ham bilib olish qiyin emas. Xolbuki, boshqa hududlarda mazkur ommaviy futbol musobaqalariga panja ortidan qarash holatlari ham uchrab turganiga guvoh boʻlish mumkin.

Murosasiz oʻtgan musobaqalar yakuniga koʻra, 9-12 yoshli bolalar oʻrtasida tashkil etilgan “Futbolimiz kelajagi” musobaqasida “Qonlikoʻl” MFY, 13-14 yoshli oʻsmirlar oʻrtasidagi “Mahallada futbol” musobaqasida “Yangi qalʼa” OFY hamda 15-16 yoshli yoshlar oʻrtasidagi “Charm toʻp” musobaqalarida “Navroʻz” OFY jamoalari gʻoliblikni qoʻlga kiritdi va endi ular Nukus shahrida tashkil etiladigan Respublika bosqichi gʻolibligi uchun maydonga tushadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *