Voleybol: erkaklar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati yakunlandi, ayollar ham tez orada chempionni aniqlashadi

Joriy yilning 18-21-oktyabr kunlari Samarqand shahrida voleybol boʻyicha erkaklar oʻrtasida Oʻzbekiston XXVIII milliy chempionatining hal qiluvchi 3-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Samarqand davlat universiteti sport zalida oʻtkazilgan musobaqada dastlabki ikki tur yakunlariga koʻra peshqadamlar safidan joy olgan «Oʻztelekom» (Samarqand), «Oriyent» (Toshkent), AGMK (Olmaliq) hamda “Yoshlik” (Fargʻona) jamoalari Oʻzbekiston chempionligi uchun bahslarga kirishdi.

Murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra Samarqandning «Oʻztelekom» jamoasi mamlakat chempionligini qoʻlga kiritdi. Ular chempionlik masalasi hal boʻlgan oʻyinda «Oriyent» jamoasi ustidan 3-0 hisobida gʻalabaga erishdi.

Agar 3-turda poytaxtliklar Olmaliqning AGMK jamoasiga ham imkoniyatni boy berishmaganida (2-3) «Oʻztelekom» jamoasining chempion boʻlishi dargumon edi. Shu maʼnoda AGMK voleybolchilari samarqandliklarni qoʻllab yuborishdi, deyish mumkin. Bu natija oʻz navbatida olmaliqlik voleybolchilarga chempionatning bronza medalini taqdim etdi.

Ertaga Toshkentda ayollar oʻrtasida ham Oʻzbekiston XXVIII milliy chempionatining hal qiluvchi 3-tur oʻyinlariga start beriladi.

Ushbu bosqichda Qoraqalpogʻiston davlat pedagogika instituti (QQDPI), SKUF (Jismoniy tarbiya va sport universiteti sport klubi), “Boʻston” (Andijon) hamda Jizzax davlat pedagogika instituti (JizDPI) jamoalari chempionlik uchun bahslarga kirishadi.

Ortda qolgan ikki tur natijalariga koʻra qoraqalpogʻistonlik voleybolchilar 29 ochko bilan peshqadamlik qilishayotgan boʻlsa, SKUF jamoasi 28 ochko bilan 2-oʻrinda bormoqda. Kuchli uchlikni 27 ochko bilan “Boʻston” jamoasi yakunlab turibdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *