Xushxabar, oʻzbekistonlik voleybolchi Turkiya klubi bilan shartnoma imzoladi

Voleybol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Islomjon Sobirjonov Turkiyaning “Alanya BelediyeSpor” klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi matbuot xizmati xabar qiladi.

Islomjon Sobirov 1995-yil 7-fevral kuni Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida tugʻilgan. 2008-yildan tuman markazi Yaypan shahridagi 1-sonli bolalar va oʻsmirlar sport maktabida Madamin Nishonov qoʻl ostida voleybol sporti sirlarini oʻrganishni boshlagan.

U professional faoliyatini 2012-yil Toshkentning «Oriyent» voleybol klubida boshlagan. Keyinchalik Samarqandning «Oʻztelekom» va Olmaliqning OTMK jamoalarida ham faoliyat olib borgan. Shu yillar ichida bir necha marotaba Oʻzbekiston chempioni va kubogini qoʻlga kiritgan.

2014-2018-yillar davomida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat, 2018-2020-yillarda Nukus davlat universitetining magistratura yoʻnalishlarida tahsil olgan.

2013-yildan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Milliy terma jamoa safida Islomjon Osiyo va xalqaro turnirlarda 71ta rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushgan. 2019-yil Markaziy Osiyo chempionatida (Nepal) musobaqaning “Eng yaxshi hujumchisi” nominatsiyasiga sazovor boʻlgan. 2020-yilda Xalqaro voleybol federatsiyasining nufuzli agentliklaridan biri “CAAN Athletics” bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Ushbu hamkorlik samarasi oʻlaroq I.Sobirov Turkiyaning “Alanya BelediyeSpor” klubi bilan shartnoma imzoladi va Yevropa voleyboli sari ilk qadamini tashladi.

Biz hamyurtimizga kelgusi faoliyatida omad tilaymiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligiMatbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *