Yarimmarafonda 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan minglab aholi birlashdi

Maʼlumki, bugungi pandemiya sharoitida aholini barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ularning kundalik hayot tarzida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, toʻgʻri kun tartibi va shaxsiy gigiyenaga qatʼiy amal qilishni har bir yurtdoshimizning hayotiga joriy qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Yoshu-qarini sportga oshno etish maqsadida Xorazm viloyatining barcha hududlarida keng koʻlamli jismoniy tarbiya va sport tadbirlari tashkil qilib kelinmoqda. Birgina millionlar oʻyini hisoblangan futbol boʻyicha “Futbolimiz kelajagi”, “Mahallada futbol”, “Charm toʻp”, “Hokim kubogi” va “Rahbar kubogi” musobaqalarining tashkil etilishi orqali deyarli barcha yoshdagi aholi qatlamlari ommaviy sport musobaqalariga jalb qilinmoqda.

Shuningdek Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yil 12-18-oktyabr kunlari butun viloyat boʻylab “Sport haftaligi” tashkil qilindi. Mazkur haftalik doirasida ommaviy badantarbiya mashqlari, “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” loyihasi, sportning oʻyin turlari boʻyicha “Tuman hokimi kubogi” musobaqalari, “Milliy sport oʻyinlari” festivali, Xotin-qizlar spartakiadalari, velomarafonlar va boshqa ommaviy sport tadbirlari tashkil qilindi. Bundan koʻzlangan maqsad, viloyatdagi yoshu-qari va erkagu-ayolni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilishdan iborat.

Kuni kecha tashkil qilingan ommaviy yurish marafoni “Sport haftaligi” doirasidagi ommmaviy tadbirlarning mantiqiy davomi va chinakam sport bayramiga aylanib ketdi. “Sogʻlom hayot sari 5000 qadam” shiori ostida Urganch shahrining Al-Xorazmiy shoh koʻchasida tashkil qilingan ommaviy yurish yarimmarafonida 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan 6000 nafardan ortiq aholi qamrab olindi. Yarimmarafoni start chizigʻining oldi qatoridan oʻrin olgan velo va moto sportchilar, yosh kartingchilar mazkur ommaviy sport tadbirini yana-da koʻtarinki ruhda oʻtishida oʻz hissalarini qoʻshishdi.

Yarimmarafon ishtirokchilarini tantanali taqdirlash marosimi Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining oldida tashkil etildi. Yarimmarafonda faol qatnashgan ishtirokchilar orasidan “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng yoshi ulugʻ ishtirokchi”, “Faxriy sportchi”, “Eng chaqqon ishtirokchi”, “Eng irodali ishtirokchi” kabi oʻnlab nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, ular diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Ommaviy yurish boʻyicha yarimmarafonlar viloyatdagi barcha tumanlarda qizgʻin davom etmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *