Bosh vazir oʻrinbosari poytaxtimizda veloyoʻlaklar barpo etish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berdi

Soʻnggi yillarda hukumatimiz tomonidan xalqimizning sogʻligʻini mustahkamlashga alohida eʼtibor berilmoqda va bu yoʻlda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida ommaviy sport tadbirlari muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Bu esa ayniqsa katta yoshli insonlarda qon aylanishining yaxshilanishi, pirovardida ularning salomatligi mustahkamlanishi va kelajakka boʻlgan ishonchini yana-da ortishiga xizmat qiladi.

Hozirda keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasi ham shu yoʻldagi saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi, deyish mumkin.

Oʻzbekiston fuqarolarining salomatligini mustahkamlash yoʻlida qilinayotgan ezgu ishlardan yana biri – shahar koʻchalarida piyoda yurish hamda velosipedda harakatlanish uchun maxsus yoʻlakchalarning yaratilayotganligidir. Bu jihatga ayni paytda keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinayotgan Prezident qarori loyihasida ham alohida toʻxtalib oʻtilgan.

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimov bu borada poytaxtimizda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bosh vazir oʻrinbosariga Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari A.Karimov va boshqa mutasaddilar hamrohlik qilishdi.

Dastlab Aziz Abduqahhorovich bu borada poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida mutasaddilar hamrohligida velosipedda tumanda amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi. Oʻrganishlar davomida masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

– Mirzo Ulugʻbek tumanida tashkil etilgan piyoda yurish va velo yoʻlakchalar tajriba sifatida joriy etilmoqda. Bundan tashqari bu ezgu ishlar Yunusobod tumanida ham davom ettiriladi va asta-sekinlik bilan respublikamizning barcha hududlarida yoʻlga qoʻyiladi. Bu ishlarni amalga oshirishda xalqaro ekspertlarni ham jalb qilgan holda veloyoʻlak hamda piyodalar yurishi uchun moʻljallangan yoʻlaklar foydalanishga topshiriladi. Bu qilinayotgan ishlar shahrimiz aholisi va chet el fuqarolariga ham ancha qulayliklar yaratadi. Eng asosiysi, poytaxtimiz aholisi va mehmonlarga sport bilan shugʻullanishi, jismoniy tarbiyaga oshno boʻlishlariga imkoniyat va zamin yaratib beriladi. Hozirgi paytda keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinayotgan ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan yangi qaror loyihasiga koʻra muntazam piyoda yurganlarga imtiyoz sifatida moliyaviy mablagʻlar berilishi ham koʻzda tutilgan. Yaʼni, bir sutkada kamida 10 000 qadam va undan koʻp piyoda yurgan insonlarning “Sogʻlom turmush tarzi” platformasidagi elektron hamyoniga 3 000 soʻm miqdorida oʻtkazib beriladi. Tabiiyki, bu barchani koʻproq piyoda yurishga undaydi, degan umiddamiz, – dedi Aziz Abduhakimov.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimov Toshkentning yana bir tumani Sergeliga ham tashrif buyurdi. Dastlab Sergeli tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabida boʻlib, bu yerda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda kelgusi rejalar bilan tanishdi.

Shuningdek, Sergeli tumanini mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha namunaviy hududga aylantirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerak, yurtimiz aholisi orasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, mamlakatimizning Qoʻqon shahri, Sergeli, Nurota hamda Amudaryo tumanlari namunaviy hududga aylantiriladi va bu yerda joriy etilgan sogʻlomlashtirish tajribasi keyinchalik butun respublikamiz boʻylab keng joriy etiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *