Buxoroda bir guruh o‘qituvchi va trenerlar taqdirlandi

Bugun, 5 oktyabr butun dunyo bo‘ylab – Xalqaro o‘qituvchilar kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Maʼlumot uchun, YUNESKOning 1966 yil 5 oktyabrda Parij shahrida bo‘lib o‘tgan 14-sessiyasida Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan hamkorlikda O‘qituvchilarning maqomi to‘g‘risida tavsiyanoma qabul qilingan.

Shu munosabat bilan, ushbu sana 1994 yildan beri Xalqaro o‘qituvchilar kuni sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu kun 100 dan ortiq davlatda keng nishonlanib, o‘qituvchilarning insoniyat hayoti va jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni va ahamiyatini, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash va huquqlarini himoya qilishga eʼtibor qaratish lozimligini eslatib turadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda sport sohasida ham sezilarli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Albatta, bu kabi yutuqlarda trener va murabbiylarning xizmati alohida o‘rin tutadi.

Bugun Buxoro viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasida viloyatda jismoniy tarbiya va sport rivoji yo‘lida xizmat ko‘rsatayotgan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, mamlakatimizning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishidagi jonkuyarligi bilan jamoat ishlarida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh soha fidoyilari taqdirlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Buxoro viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Ismoil Mirzayev taqdirlangan sport fidoyilarini 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, sport sohasida olib borayotgan samarali faoliyati uchun minnatdorlik bildirdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrug‘iga asosan Dilnoza Karimova, Komil To‘xtayev, Saloyidin Kadirov, Alibek Sodiqov, Vladislav Popov, Ubayt Mukarramov, Nozima Bozorova, Klara Aminova, Obid Xoliqov, Bekmurod Ro‘ziyev, Rustam Razakov, Manuchehr Ibragimovlarga “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir yakunida Buxoro viloyatida jismoniy tarbiya va sportni yangi bosqichga olib chiqishda trenerlar xizmati alohida eʼtirof etilib, yangidan-yangi isteʼdodli sportchilarni tarbiyalash va aholining keng qatlami orasida sportni ommalashtirish borasida qilinajak ishlarda ularga omad va zafarlar tilandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *