Jismoniy tarbiya va sport» nashriyoti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, aholini sog‘lom turmush tarziga jalb qilish borasida ko‘rilayotgan choralar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari Avazjon Karimov, vazirlikning boshqarma boshlig‘i Aziz Hasanov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ma’lumki, 2020 yil 3 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ham qabul qilindi.
Mazkur qaror orqali O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filiali, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha maxsus ilmiy laboratoriyasi negizida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil etiladi.

Shuningdek, Qarorda 2020 yil 1 dekabrdan boshlab Universitet respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan o‘quv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirishi ham belgilab qo‘yilgan.
Universitet huzurida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yuritadigan Respublika ilmiy-uslubiy kengashi tashkil etiladi. 2021 yildan boshlab har yili jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga va sohadagi muammolarning ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan loyihalar tanlovlari muntazam tashkil etiladi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent farmatsevtika instituti va boshqa oliy ta’lim muassasalarida sport tibbiyoti, farmakologiyasi, reabilitologiyasi, psixologiyasi va diyetologiyasi mutaxassisliklari yo‘lga qo‘yiladi.

“Bugungi kunda sport sohasida ilm juda muhim. Hozir dunyoning rivojlangan davlatlarida sport sohasida chuqur tadqiqotlar olib borilmoqda. Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti esa mamlakatimiz sporti taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qodir olimlarni yetishtirishga xizmat qiladi”, – dedi anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Hasanov.

Prezident qarori bilan 2020 yilning yakuniga qadar sport-ta’lim muassasalari hamda sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (uyushmalar) uchun bosma nashrlarni chop etish maqsadida Universitetda «Jismoniy tarbiya va sport» nashriyoti va bosmaxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida ham ma’lumot berildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *