Toshkent viloyatidagi sport taʼlim muassasalari xodimlari 3 ta sport turi boʻyicha musobaqalashadi

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan karantin choralari yumshatilgach, jismoniy tarbiya va ommaviy sport musobaqalarining tashkil etilishi qayta yoʻlga qoʻyilmoqda.

Shu qatorda Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi sport taʼlim muassasalari xodimlari oʻrtasida “Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi kubogi” musobaqasi boʻlib oʻtadi.

Mazkur musobaqada tizimdagi xodimlar sportning mini futbol, voleybol va stol tennisi turlari boʻyicha oʻzaro bellashishadi. Unda sport maktabi direktorlari, oʻquv ishlari va xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, uslubchilar, vrach va hamshiralar, qoravul hamda farroshlar qatnashishi mumkin. Tuman va shahar sport maktablari murabbiylari musobaqada ishtirok etishlari taqiqlanadi. Mini futbol sport turi boʻyicha erkaklar musobaqalashsa, ayollar voleybol sport turida oʻz omadlarini sinovdan oʻtkazishadi. Stol tennisi boʻyicha bahslar esa yakkalikda ham erkaklar ham ayollar oʻrtasida boʻlib oʻtadi.

Dastlab, musobaqaning hududiy bosqichlari gʻoliblari nomiga aniqlik kiritiladi. Bu bosqichda bahslar 2020-yilning 12-sentyabr kuni Qibray va Boʻka tumanlari, shuningdek, Olmaliq va Yangiyoʻl shaharlarida boʻlib oʻtadi.

Hududiy bosqichda gʻalaba qozonganlar 19-sentyabr kuni Yuqori Chirchiq tumanida jam boʻlishadi va shu yerda musobaqaning Final bosqichiga start beriladi. Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.

OʻzMU talabasi Umida Achildiyeva tayyorladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *